Molxona. Jorj Oruell

Molxona

Jorj Oruell

Reyting: 4.9

Baholar: 24 ta Taqrizlar: 4 ta Iqtiboslar: 1 ta

Janr: novella

Kitob haqida

“Molxona” mashhur ingliz yozuvchisi Jorj Oruell tomonidan 1945 yilda chop etilgan masal janridagi satirik asar. Asar fermadagi hayvonlarning xo‘jayinlarini haydab, hayvonlar diktaturasini o‘rnatishi haqida. Bunda Oruell inqilobiy prinsiplar evolyutsiyasini, yaʼni sekin-asta tenglik va birodarlik g‘oyalaridan utopiya va diktatura sari qadamini mohirona ochib bergan. Mashhur fransuz inqilobchisi Dantonning «Inqilob o‘z farzandlarini Saturn xudosi kabi yeb bitiradi» degan iborasi ham asarda o‘z aksini topgan. “Molxona” Rossiyada bo‘lib o‘tgan 1917 yilgi inqilobga va SSSRdagi tuzumga nisbatan allegoriya shaklida yozilgan. Oruell bu asarini 1943 yil noyabr oyidan 1944 yil fevraligacha yozib tugatgan.
Asl nomi Molxona
Birinchi chop etilgan yili 1945
Tili O’zbek

Taqrizlar

26-aprel, 2024

Biz doim hayotga o'zimiz tarafdan qarab o'rganganmiz. Go'yo hamma narsa biz uchun. Biz insonlar hamma moddiy boyliklarni ishlatamiz. Hayvonlarni ishlatamiz, yeymiz, terisidan kiyim va hokazolar tikamiz. 

 

Asarda esa hayvonlar tarafidan insoniyatning asl yuzi ochib berilgan va insonlarning manfaati naqadar jirkanch ekanligi ifodali rushuntirilgan. 

20-fevral, 2024

«Molxona»  

Qisqacha syujet:   

Voqealar debochasi “qo’rg’oncha” nomli fermadagi hayvonlarning ferma xo’jayini Jonsning, umuman olganda butun insoniyatning hayvonlarga bo’lgan munosabatiga nisbatan e’tirozi bilan boshlanadi. Keksa mayordan olingan maslahatlari o’laroq, cho'chqalar Napoleon va Snoubol boshchiligidagi qo'zg'olon boshlanadi va hayvonlarning fermani egallashi bilan yakun topadi. Yangi tashkil etilgan “Hayvonobod” fermasida “hamma” hayvonlarning huquqi tenglashtiriladi, farovon kelajakka va’da beriladi (cho’chqalar tomonidan). Ammo vaqt o‘tishi bilan qo‘zg‘olon g‘oyalari “chetlab” o’tila boshlanadi, buzib tashlanadi, keyin esa unutiladi, yangi va kutilmagan hodisalar yuz bera boshlaydi...  

Tahlil:  

Jorj Oruellning “Molxona” (Animal farm) asari birinchi marotaba 1945-yilda nashr etilgan. Aynan “Molxona” orqali Oruell dunyo adabiyoti sahnasiga dadil qadamlar bilan kirib keldi. Kitob bu yil o‘zining 77 yoshini qarshi olmoqda va shu yillar davomida 10 milliondan ziyod kitobxonning sevimli asarlari qatoridan joy olgan.  

Asar hali-hanuz kitobxonlar uchun dolzarbligini yo’qotmagan va hozirda ham qizg'in munozaralar maydoni bo'lib qolmoqda. Kitobdagi asosiy voqealar Rossiyadagi bolsheviklar inqilobi voqealari va Stalinning olib borgan siyosati haqida bo’lib, voqealar satirik qarashlar orqali ochib berilgan. Bilasizki, “satira” bu - o’tkir kinoya, ya’ni jamiyatdagi voqelikning salbiy hodisalarini qoralovchi yo’nalish. Bunda jamiyatdagi muammolar kuchli tanqid va kulgi bilan yoritiladi. Odatda satira yashirin bo’ladi, voqealarning real koʻrinishi oʻzgartirilib, unda jamiyatdagi bemaʼni hodisalar, illatlar fosh qilinadi.  

Kitob siz uchun zavqli, hamda foydali bo’lishi turgan gap. Uni o’qish davomida, siyosiy manipulyatsiya qanday ishlashini, diktatura qanday olib borilishi, davlatlar, siyosatchilar  insonlarni qanday boshqarishini hayvonlar misolida kuzatasiz. Balki o’zimizning siyosatga ham o’xshash tomonlarini payqay olarsiz. Balki, nega bu asarni vaqtliroq o’qimadim deyishinggiz mumkin (agar o’qimagan bo’lsanggiz albatta) 

Mo'jazgina asar bo'lishiga qaramay, sizga uzoq muddatga yetadigan taassurotlar ulashiashi tayin. Yoqimli mutolaa...

19-oktabr, 2023

“Barcha ikki oyoqli — dushman”

Biror bir asarni oʻqishdan oldin uning nomidan yoki qahramonlaridan voqealar rivojini taxminiy gavdalantirib koʻrishga harakat qilaman. “Molxona”ni oʻqishdan oldingi tasavvurim esa butkul boshqacha edi. Asar ezilgan, qiynalgan hayvonot olamini erk va ozodlik niqobi ostida boshqa bir iskanjaga — qullikka tushib qolishi, adolatsiz hukmronlik va xoʻrlik hayotini ochib beradi. 

Asar Sobiq ittifoqdagi voqealar va shoʻrolar ilgari surgan gʻoyalarga bagʻishlangan, deb faraz qilinadi. Voqealar mister Jons fermasidagi keksa choʻchqaning tunda hammani yigʻib qilgan xitobidan boshlanadi. U hayvonlar insonlarning manfaatiga xizmat qilayotgani, ular toʻyadigan darajadan koʻp boʻlmagan yemish evaziga qattiq ishlab kelayotganini qayd etadi. Insonlar hayvonlarning qullik va qashshoqlikda yashashlarining bosh sababchisi sifatida koʻrsatiladi. 

“Hayvonizm” deb nomlangan taʼlimot-gʻoya barchaga singdirilib, “Angliya hayvonlar” madhiyasi tillardan va dillardan joy oldiriladi. Mister Jonsga qarshi chiqib, uning zulmidan qutilgan hayvonot olami endilikda oʻz “Hayvonobod”ini tashkil etadilar. Barcha hayvonlarni boshqarish va ish tashkil etish choʻchqalar tomonidan nazorat qilina boshlaydi. 

Inson zulmidan holi, erkin “jamiyat” qurish istagidagi hayvonlar yetti arkonni qatʼiy qonun sifatida eʼlon qiladilar. 

“Ikki oyoqda yuradigan har kim dushman. Barcha toʻrt oyoqlilar yoki qanotli mavjudotlar doʻstdir”.

Bora-bora qarorlar choʻchqalarning foydasiga oʻzgartirilib borilsa-da, avvalgi zamonga — Jonsning zulmiga qaraganda hozir hammasi yaxshi ekanligiga ishontirilardi. Choʻchqalar oʻrtasidagi nizolar Napaleonning istiqbolga kelishi, oʻzining maslakdoshi Snoubolning muxolif deb eʼlon qilib, uni yomonotliq qilinishi, kelajakdagi barcha falokatlarga uni sababchi sifatida koʻrsatib borishi bilan davom etadi. 

Vaziyat tobora yomonlashib borar, barcha hayvonlarning turmush va mehnat sharoiti ogʻirlashib borardi. Hamma tegirmon qurish uchun safarbar qilinar, barcha birdek mehnat qilgan paytda oliy tabaqa hisoblangan choʻchqalar kayf-u safoda umr oʻtkizishardi. Asosiy propaganda vositasi boʻlgan Qichqiroq ismli choʻchqa “Hayvonobod”ni boshqarish oʻziga yarasha masʼuliyatli jarayonligi, shu sababli barcha oliy neʼmatlar choʻchqalar tomonidan tasarruf etilishi adolatdan ekanligiga barchani ishontirardi. 

Hayvonlar Napaleonni dohiy darajasiga chiqarishib, alaloqibat uning zulmi va hukmi oldida ojiz qolishadi. Ularga esa avvalgi zamonalar — Jons davri yomon va qonli sifatida eslatilib, bugungi kunga shukr keltirgan holda yashash lozimligi uqtirilardi. Bora-bora asosiy qoidalar — yetti arkon choʻchqalarning manfaati yoʻlida oʻzgartib borilardi. Mutlaq hukmronlik oʻrnatgan Napaleon esa oʻz koʻppaklari yordamida hayvonlarga qoʻrquv bagʻishlab turadi.

Bir nechta hayvonlar urushlar, toʻqnashuvlar va qatagʻon qurboniga aylanishadi. Boksyor laqabli ot esa soʻnggi kuchi qolguniga qadar tinmay mehnat qiladi va umrining oxirida yetti arkonga zid ravishda qassobxonaga topshirib yuboriladi. 

Quturib ketgan choʻchqalar odamlar qiladigan ishlar bilan mashgʻul boʻla boshlashadi. Hatto qoʻshni fermalar bilan savdo-sotiq munosabatlarini oʻrnatib, insoniy aloqalarga kirishishadi. 

Asar yakunida qoʻshni xoʻjaliklardan odamlar “Hayvonobod”ni koʻrgani kelishadi. Bu yerda boshqarish, hukm oʻtkazish boʻyicha zamonaviy andazalarni oʻzlashtirishganini aytishib, Napaleon nomiga qadahlar koʻtarishadi. Lekin orada nizo koʻtarilib, bir dasturxon ustida ichib oʻtirgan choʻchqa va odamlar yoqalashib ketishadi. Buni kuzatib turgan hayvonlar kim odam-u kim choʻchqa ekanini ajrata olmay qoladilar.

Asar davomidagi eʼtiborimni tortgan qahramon — keksa eshak Benjamin boʻlib, u Jonsga qarshi qoʻzgʻolonda ham, keyingi urushlar davomida ham hursand boʻlib, puch gʻoyalarga aldanib qolmadi. Jonsning zamoni va bu davrlar taqqoslanganda, bularning bari yaxshi ham emas, yomon ham emas, degan falsafiy ruhda oʻz ishida davom etgan. 

orj Oruell - "Molxona"
5 Oktyabr 2023. Muallif: To'xtaboyev Nuriddin
#mutolaasi_yakunlandi
Antiutopik asarlardan birinchi o'qigan kitobim - "Molxona" kitobi bo'ldi. Bilmadim kitobni rosa asabiy holatda o'qidim. Balkim adolatsizlik, yolg'onlarga chidolmasligimdir.
Kitobdagi voqealarni ko'p narsalarga bog'lab o'qidim. 
Jons firmasidagi hayvonlar qullik, yil davomida mehnat qiladi va huzurini Jons ko'radi. Bu holat bizning yaqin tariximizga o'xshab ketadi. 
Hayvonlar qo'zg'alon qilishadi va g'alabaga erishadi. Ular boshida demokratiyaga yaqinlashishga harakat qilishadi. Yangi inqilob rejasini ham tuzishadi va yetti arkon ishlab chiqishadi:
1. Ikki oyoqda yuradigan har kim - dushman.
2. To'rt oyoqda yuradigan yoki qanoti bor har kim - birodar.
3. Hayvonlar kiyin kiymaydilar.
4. Hayvonlar to'shakda yotmaydilar.
5. Hayvonlar sharob ichmaydilar.
6. Hech bir hayvon boshqa hayvonni o'ldirishi mumkin emas.
7. Barcha hayvonlar teng huquqlidir.
Lekin bular muvaffaqiyatsizlikka uchrashadi va yana diktatura qurboniga aylanishadi. Va bu arkonlar diktatorlar tomonidan o'zlariga moslashtiriladi. Hayvonlar yana qullikka mahkum bo'lishadi.
Kitobdagi eng yoqqan yeri - "... ammo ularning qay biri cho'chqa-yu, qay biri odam ekanini ajrata olmasdilar".

Iqtiboslar

20-fevral, 2024
1. Ikki oyoqda yuradigan har kim – dushman. 2. To’rt oyoqda yuradigan yoki qanoti bor har kim – birodar. 3. Hayvonlar kiyim kiymaydilar. 4. Hayvonlar sharob ichmaydilar. 5. Hayvonlar to’shakda yotmaydilar. 6. Hech bir hayvon boshqa bir hayvonni o
Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz