Tushda kechgan umrlar. Oʻtkir Hoshimov

Tushda kechgan umrlar

Oʻtkir Hoshimov

Reyting: 4.5

Baholar: 15 ta Taqrizlar: 1 ta Iqtiboslar: 0 ta

Janr: roman

Kitob haqida

Asarda bosh qahramon Rustamning fojiaviy qismati orqali afgʻon urushining maʼnosiz mohiyatini teran va taʼsirchan ifoda etilgan. Butun umri davomida totalitar rejim siyosatining qalqoni va qilichi sifatida ish koʻrgan, necha minglab halol odamlar dilini jarohatlagan, yostigʻini quritgan Komissar ham oʻziga xos fojiaviy obrazdir. Bu kimsaning fojiasi shundaki, u oʻzi olib borgan qora ishlarni haq deb biladi. Shuningdek asarda Qurbonoy xola obrazi ham keltiriladi. U boshiga tushgan shuncha qiyinchiliklarni matonat bilan yenggan o'zbek ayoli timsolida gavdalanadi.
Asl nomi Tushda kechgan umrlar
Birinchi chop etilgan yili 1994
Tili O’zbek

Taqrizlar

2-noyabr, 2023

“Qirq sakkizinchi yilda bir adabiyotshunos olim qoʻlga olingan edi. Qizzigʻarning ikki kitobi chiqibdi-yu, oʻrtoq Stalin haqida bir ogʻiz soʻz yoʻq. Nuqul Navoiy... Nuqul Bobur...”

Mashhur adib Oʻtkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” romani oʻtgan asrdagi qatagʻon voqealari, sovet-afgʻon urushining achchiq manzaralari, qurbon boʻlgan oʻzbek oʻgʻlonlari, “Oʻzbek ishi” kabi alamli tarixni hikoya qiladi.

Muallif voqealar zanjirini bir biriga taʼsirli ravishda bogʻlab boradi. Xususan, roman Rustamning kundaliklari, tergov hujjatlari va muallif hikoyalari asosida shakllantiriladi. Voqealar kuz tasviri bilan boshlanadi va oxirida ham ayni shu tasvir bilan tugaydi. “Kuz oʻlim toʻshagida yotgan bemorga oʻxshaydi...”. Bu jumlalar orqali muallif romandagi voqealar, uning qahramonlari taqdiriga ishora qiladi.

Asar markazida Rustam, Komissar, Qurbonoy xola, Shahnoza kabi bosh qahramonlar turadi. Voqeliklar, asosan, Rustam va Komissar atrofida aylanadi. Oʻquvchi asar davomida bosh qahramon Rustamga achinish hissi bilan bir qatorda, Soat Gʻaniyevich (Komissar)ga nisbatan oʻzgacha nafratga toʻladi.

Rustam sovet-afgʻon urushi ishtirokchisi, uning qonli voqealari tirik guvohi hisoblanadi. U umrining to soʻnggi kuniga qadar oʻzi guvoh boʻlgan qonli xotiralaridan qutula olmaydi. Urushdan soʻng sevgan qizi Shahnozaga uylangan boʻlsa ham, ular baxtli boʻla olishmadi. Bu baxtsizliklarning asosiy sababi urushda orttirilgan ruhiy va biologik jarohat taʼsiri edi. Vatanga qaytganidan keyingi adolatsizliklar, nohaqliklarga guvoh boʻlishi, oilasining baxtsizligiga aybdorlik hissi Rustamning fojiali oʻlimi bilan yakunlanadi.

Komissar bolaligidan dinga, oʻz millatiga nafrat bilan tarbiyalangan, sovuqqonligi, mansabparastligi va oʻz manfaati uchun eng jirkanch ishlarga ham tayyor boʻlgan personaj hisoblanadi. Bir nechta ordenlar, qahramonliklar bilan taqdirlangan bu manqurt koʻplab insonlarning nohaq jazolanishiga, millatimiz vakillarining qatagʻon boʻlishiga, bevaqt hayotdan koʻz yumishiga sabab boʻladi. U oʻtgan umridan afsuslanmaydigan, dunyoqarashini oʻzgartirmagan shaxs sifatida tasvirlangan. Komissarni 70 yillik zulm saltanatining timsoli, deyish mumkin.

Romanning “Tushda kechgan umrlar” deb nomlanishiga ikki xil qarash shakllangan:

  1. Birinchisiga koʻra — asar qahramonlarining shodon hayoti, orzularga toʻla kelajagi, baxtli hayot haqidagi umidlari tushdek sarobga aylanganligi;
  2. Keyingi fikrga koʻra esa — qahramonlarga har bir muhim voqealar, oʻzlarini kutib turgan taqdir tushlarida namoyon boʻlishi sababli.

Asar haqida Oʻzbekiston qahramoni Said Ahmad shunday deb yozgan: 

“Romanni loqayd hayajonsiz oʻqib boʻlmaydi, u kitobxonni larzaga soladi. Xalq boshiga kulfatdan boshqani solmagan qonli urushni boshlagan telba urushqoqlarga dil-dilidan qargʻish yogʻdiradi”.

Romandan iqtiboslar:

  • Qirq sakkizinchi yilda bir adabiyotshunos olim qoʻlga olingan edi. Qizzigʻarning ikki kitobi chiqibdi-yu, oʻrtoq Stalin haqida bir ogʻiz soʻz yoʻq. Nuqul Navoiy... Nuqul Bobur...
  • Oldinga yursang fashist otadi, orqaga chekinsang oʻzimiznikilar.
  • Yillar oʻtib odamning qiyofasi, gavdasi, hatto gapirish ohangi ham oʻzgarib ketishi mumkin. Faqat koʻzi oʻzgarmaydi.
  • Oʻylab qarasam, urush teskari haqiqat degani. Odam boʻlging kelsa shafqatsiz boʻl. Oʻlging kelmasa — oʻldir.
  • Hamma onalar bir-birlariga oʻxshaydi shekilli.
  • Dialektika qonunlari qiziq ekan. Bugun yoʻqotasan, ertaga topasan.
  • Tun — yolgʻizlarni jazolash uchun yuborilgan jazo elchisi.

Iqtiboslar

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz