Fazilat

Fazilat
GrantGo loyihasida yozuvchi, StoicHavenda tarjimon.

Taqrizlar

Yozuvchi fikrlarini oddiy shaklda yetkazib bersa ham, go'zal va ma'noli so'zlardan foydalanadi.

Pulni jamg'arish orqali siz orzularingizga erishishingiz mumkinligini o'rgatuvchi asar. Oddiy matematika va muammolaringiz hal.

2-mart, 2024

Yaxshi asar

21-fevral, 2024

Talabalar va universitetning qaynoq yillari haqidagi ajoyib asar. Yoshlikning shijoati va ilk muhabbat rishtalari qiziqarli voqealar va shiddat bilan ochib berilgan.

20-fevral, 2024

— Buyuk shoir Tevfik Fikratni taniysizmi? — dedim.
Ayoli eridan ham chaqqonlik qilib,
— Ee-a, albatta taniymiz, — dedi. — Judayam yaxshi inson, juda yaxshi ko‘ramiz, u ham bizlarni juda hurmat qiladi. Tez-tez uyimizga mehmonga kelib turadi. Men qilgan zaytun yog‘li do‘lmalarni yoqtiradi…
Eh-he, bu ikkalasi ham g‘irt yolg‘onchi ekan, er-xotin tuprog‘i bir yerdan olishadi, deyishardi, mana sizga isbot. Qotib-qotib kulib,
— Yo tovba xonimafandi, nimalar deyapsiz, axir Tevfik Fikrat o‘lgan, — dedim.
Bu gapdan keyin ikkalasining ham yuzi shuvit bo‘ldiyov, deb o‘ylagandim. Biroq ayol zarracha hayratlanmay gap boshladi:
— Haa-a, aytdima o‘zimam ko‘pdan buyon nega kelmay qo‘ydi deb.
Eri ham uning so‘zini tasdiqladi:
— Men ham xayron bo‘lib yuruvdim, nega kelmayapti hech, deb. Demak o‘lgan ekanda.
“Eh” deya o‘zicha afsuslanib tizzasiga urishdi ikkalasiga birdaniga. Men esa ko‘zlarim olayib,
— Axir uning o‘lganiga 50 yildan oshdi, — dedim.
 

Yuzakilik, yolg'on, ammo shartmidi? Bilmagan narsasini bilmadim deyish shuncha qiyinmi? Yana o'zini intellektual sanab.

 

Har bir bola o'qishi shart. Ilm olishning muhimligi yoshlikdan singdiriladi. 

Har bir bo'lim mashhur faylasuflarning iqtiboslari bilan boshlanadi va bu shunchaki ilmiy tadqiqotlar haqidagi kitob emas, balki uning hayotdagi — sizning hayotingizdagi o'rni yoritilgan. 

30-yanvar, 2024

Sodda, ma'noli va oddiy insonlar haqida…

Dunyoni tasavvur ham qilolmasdim. Jajji qiz edim. Marko Poloning boshidan kechirganlari g'aroyib va takrorlanmas tuyulardi. Uning sayohatlari shu qadar meni qiziqtirardiki, o'zim ham bir kuni u kabi sarguzashtlarga duch kelsam, deb xayol qilardim. Aslida kitob bolalar uchun emas, mazmuni teran va voqealari shiddatli. Haqiqiy voqelarga asoslangan va birozgina muallifning to'qimasi joy olgan. Keyinchalik geografiya va tarix fanlarini yaxshi o'rgana boshlaganimda Xristofor Kolumbning Marko Polodan ilhomlanib, Hindistonga borishni niyat qilgani-yu, shunday qilib Amerikani kashf qilgani haqida o'qib qoldim. Biz ham kundalik tutib, yangi taassurotlarni yozib yursak, butun bir asar yaratishga arzigulik ma'lumotlarni to'plab qo'yishimiz mumkin.

21-yanvar, 2024

Bu kitobni oʻtgan yili hamyonimdagi bor pulimga sotib olib, uyga bir chaqasiz qaytganim esimda. Bundan oldin Erix Mariya Remarkni hech qachon oʻgib koʻrmaganim bois, ushbu asarni ham qanday kutib olishni bilmasdim. Odatda, yozuvchining uslubi bilan tanish boʻlsangiz, uni sevib qarshi olasiz. Menda esa noaniqlik va ishonchsizlik hukmron edi. 

Kitob boshidanoq urushdan keyingi Germaniya, odatiy kundalik voqealar va dialoglarni aks ettiradi. Syujet biroz zerikarli boʻlib tuyulishi mumkin, ammo birdan oʻzgarish yuz beradi. Shaxsan oʻzim 22-betlarda, goʻyoki gʻorda izgʻib yurgan odamga oʻxshab, uzoqdan yorugʻlikni koʻrgandek boʻldim. U yerda hayotning shafqatsizligi-yu nohaqligidan aziyat chekayotgan, koʻnglida oz boʻlsa-da umid uchqunlari porlayotgan insonlarning, omon qolish uchun harakat qilayotgan oddiy xalq va oʻzligini tanishga intilayotgan Lyudvig ismli yigit haqida hikoya qilinardi. 

“Odam shunchaki yashaydi! Buning mohiyatiga chuqur kirishga uringan esa yoʻlini yoʻqotadi”, deyar ekan, yigit oʻzining mavjudligi, atrofdagi voqelik va yashashidan maqsad neligini soʻroqqa tutar, ammo savollari har safar javobsiz qolar edi. Faqat bir narsa – muhabbat paydo boʻlguniga qadar! “Men seni sevaman, Izabella… yuragimning yuragi, bu gʻala-gʻovur ichidagi yagona sukunat orolchasi”, u butun umr izlab, endi topdim degan moʻjiza mana. Afsuski, hayot unga shuni ham ravo koʻrmadi, uchar yulduz misol yarq etib uchib, shu ondayoq soʻnadi. Muhabbat uni tiriltirdi, tiriltirdi-yu, oʻzi gʻoyib boʻldi. Men qaygʻuga botdim. Muallif aytganidek, “Hammasi allaqayerda, jarlikda qolib ketgandek, hech qachon boʻlmagandek”. Lekin sevgan qalb unutadimi? Yoʻq. 

17-yanvar, 2024

Kitob haqida nega “Harakatsiz jarayon” deyilganini endi anglab yetdim.

Bu jarayonni inson o‘z-o‘zini oqlashi uchun harakat qilgani bilan taqqoslash mumkin. Faqatgina aybdorligini tan olgan inson shu yo‘lga kiradi. Yozef K. teran fikrlashiga qaramay, o‘zining haq yoki nohaqligini oxirgi pallada o‘zi ham farqlay olmay qoladi. 

Haqiqatda, u kurashishi, fikrlashdan to‘xtamasligi kerak edi, ammo u tamomam kurashishdan charchadi. Hech qanday jarayon bo‘lgani yo‘q, lekin u ruhan ezildi va o‘zini o‘limga tutib berdi. U qochishi ham mumkin edi-ku, axir!

Asar boshidan esa men bir narsaga guvoh bo‘ldim: u o‘zining bo‘lmag‘ur xayollari bilan vaziyatni yanada chigallashtirdi va shu daragacha murakkablashtirdiki, uning xalovati butunlay yo‘qoldi. Hech qayerda sud yoki hukmdan sas-sado chiqmasa-da, u o‘zini ich-ichidan yeb bitirdi...

U anglab yetgan haqiqat shuki, bari uning o‘z ixtiyorida edi.

– Bu yo‘lda menga hardamxayol va hissiz kishilarni hamroh qilib qo‘ygani uchun Yaratgandan minnatdorman, chunki nima kerak bo‘lsa, barcha-barchasini o‘z-o‘zimga aytib olish ixtiyorimda.

Uning imkonida qolgan yagona ish fikrlashdan qolmaslik va aql-u xushni yo‘qotmaslikdir. Ammo kimki bu yo‘lda so‘nggi kuchini ayasa, bu so‘nggi xato uchun javob beradi. 

... Biroq uning bog‘ziga birinchi janobning qo‘llari allaqachon kelib bo‘lgandi, ikkinchi janob esa bu orada pichoqni olib, yurakka botirgan va uni ikki bor aylantirgan ham. 

– Juda ham qayg‘uli xotima. Yolg‘on butun jamiyatda hukm farmo bo‘libdi. 

Men kitobni tugatgach bir qarorga keldim. Yozef K. meni juda ham ilhomlantirdi, tiriltirdi va u qahramonni xayolan sevib qoldim. Uning o‘tkir zehni shu qadar meni o‘ziga maftun etdi-ki, men oxirigacha uning bu holatdan chiqib ketishini yuragimga tuygandim. Afsus... u o‘zining ustidan g‘alaba qozona olmadi. 

Begunoh insonni ayblaganlarni-ku, biz Qonun qo‘riqchilari sifatida ko‘ramiz. Ammo, ular aslida ayblanuvchiga qaram, ayblanuvchi esa erkin zot. 

Bular ramziy ma’nolar sifatida qaralganki, men buni boshqacha talqinda aytishim mumkin. Har bir inson bir kunmas–bir kun Alloh oldida javob beradi. Ammo uning oldiga borishdan oldin inson hayot qiyinchiliklariga kurashishi darkor. Va bu hayotda yo‘q joydan muammo izlash ham kerakmas. To‘qima vahimalar va arz-dodlar faqatgina hayotimizni izdan chiqaradi. 

Inson tanlash huquqiga ega. Unda tanlov ko‘p hollarda bor. Ammo u shu tanlov imkoniyatidan foydalana olmaydi. Yozef K. ning bir yili behuda ketdi. Birgina qachon unga hukm o‘qilishini kutib yashashning o‘zi uning umriga zavol bo‘ldi. Ma’no va mazmunini yulib olib tashladi.

– Jararonni sudrab kelaman, deganida savdogar o‘zining befarqligini ochib bergan edi. Qaysi jarayon haqida gap kelayotganligini ham bilmay turib, u ishni o‘ngga-chapga buraverdi. U buni shundayin bir iftixor va faxr hissi bilan bajardiki, advokat uni o‘z itiga aylantirgan, karavotning oldiga kelib, akilla desa, buyruqni so‘zsiz ado etadigan nochor bir ahvolga tushgandi.

Yozef K. bo‘lsa, hech ham g‘ururini toptamadi, tiz cho‘kmadi, yalinmadi, boshini baland tutib, g‘oz bo‘lib turdi. Ammo atrofdagilarning salbiy fikri va sodir bo‘layotgan tushunarsiz voqealar undagi ruhiyatni tobora so‘ndirardi. Chunki u o‘z ustidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishga xuddi haqiqiy aybdordek yondasha ketdi. 

Bundan xulosa qilamanki, birinchidan, ishning mohiyatini tushunish kerak, ikkinchidan, boshqalarning be’mani fikrlari sening fikrlashingga ta’sir qilmasligi kerak, uchinchidan, omon qolish uchun kurashish kerak va oxirgisi, orzu va xom-xayollarga berilmasdan, haqiqiy jarayonni boshlash kerak.

Yozef K., mening hayotimda o‘chmas iz qoldirding.
 

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz