Ravshan

Taqrizlar

"Usta va Margarita" - hech qachon begonalar bilan suhbatlashmang

 

Mixail Bulgakov: “Usta va Margarita” – har kim o’qishi va ayni damda o’qimasligi kerak bo’lgan asar.

… Kimsan ayt!

-        Men hargiz yomonlik tilab –

-        Yaxshilik qilguvchi Kuching bir qismi. (Gyote “Faust”)

Avvalo asar haqida, Bulgakov ushbu asarni 1928-yildan yoza boshlagan va umri so’ngida o’z nihoyasiga yetkazgan. Adibni yaqindan tanigan zamondoshlarining aytishicha asarning bir nechta variantlari bo’lgan. Asar voqealari mifologik obrazlar orqali qurilgan bo’lsa ham o’sha davr siyosiy-ijtimoiy holatini yoritib berganligi bilan ajralib turadi. Asar yozilishida yozuvchi har bir personajni alohida o’rgangan, ayniqsa Volandni. Adib vafot etgach uning ish stolidan 150 betli “Iblis haqida” deb nomlangan daftar topilgan. Asarda barcha personajlar Volandni messir deb chaqiradi. Messir so’zining ma’nosi “Mefistofel”ning qisqartmasidir. Mefistofel esa iblis degani. Asarning voqealari “Faust”ga o’xshab ketishi bilan, xorijda ko’plab tanqidlarga uchragan.

Asarni o’qir ekansiz, nega asar “Usta va Margarita” deya nomlanganini tushuna olmaysiz. Asar Berlioz va Bezdomniyning Patriarx ko’li yonida suhbatlashib o’tirishidan boshlanadi. Suhbatga Volandning qo’shilishi bilan voqealar tizgini o'zgarib boradi. Asarda ikki voqea parallel tarzda hikoya qilinib ketadi. Ikki hikoyani bir biridan ajratib bo’lmaydi. Bilamizki, Sobiq Sho’rolar mamlakati G’arbda “xudosizlar yurti” deb nomlangan. Ateislarning suhbati va Isoning o’ldirilishi asarni biroz tushunarsiz qilgan. Asardagi barcha voqealar tizgini bir personajning taqdiri va hukmi bilan bog’lanib qolgan. Bu personaj Voland. Voland asarda o’sha davr manfur hukumatini aks ettirgan. Asarda insonlarning Voland aytganidek o’lim topishi, tasodifan yo’qolib qolishlari, jinnixonaga tushishlar Sobiq Sho’rolarning siyosiy repressiyalarini fosh qilib bergan. Usta asarda ilk bor Bezdomniyning jinnixonaga tushishi bilan paydo bo’ladi. Usta mening fikrimcha ramziy ziyoli insonlarning obrazini gavdalantirgan. Margarita esa ozodlik, hurlik va adolat ramzi. Eng og’ir damlarda ham Margarita Ustani tark etmaydi. Doim unga umid baxshida etib turadi. 

Asarda Voland va uning yordamchilari tomonidan qilingan ishlar hech bir kuchlar yordamida to’xtatib qolina olmaydi. Varette teatridagi tomosha esa olomonning erkinlikka, tanlash huquqiga bo’lgan ehtiyojini jonli tarzda ifodalab bergan. Ana shu tomosha sahnasi asardagi kulminatsion nuqta, tomoshadan so’ng sizda “endi nima bo’ladi?” degan savol tug’ilishi tabiiy. Asarni o’qir ekansiz o’zi Voland kim, u nima ish qiladi, nega unga hamma bo’ysunishi kerak kabi savollar miyangizda g’ujg’on o’ynayveradi. Voland bu hukumat. Siz uning aslida nima ish qilishini bilmaysiz. Uning qudrati uning sirliligida, jozibadorligida. Birgina Voland personaji barcha voqealarning markazida turib, butun jarayonlarni boshqaradi. Volandning borlig’ini namoyon qilgan sahna “Iblis huzuridagi olamshumul ball” bobida aks etgan. Asardagi eng daxshatli sahna ayan shu, asabi bo’shlar o’qimasin. Sahna markazida kamin paydo bo’lib tarixda o’tgan barcha razil kimsalarning tobuti shu kamindan otilib chiqadi va chirigan murdalar o’z qiyofasiga kirib Margarittaning tizzasidan bo’sa olishadi. Bu kimslar o’g’ri, foxisha, qotil, jinoyatchi, yolg’onchi va eng manfur kimsalar bo’lishiga qaramay ozodlikka tashna insonlardir. Ular yilda bir marta qilgan gunohlari uchun avf etilib ozodlikka chiqariladi. Margarita esa ular uchun ozodlik ramzi sifatida qad rostlagan go’zal bir ayolki, barcha uni e’zozlamoqda. 

Asarda Margaritta bu ozodlik, erk timsoli. Usta uning oshig’i - jamiyatdagi ziyoli qatlam vakillarining asardagi talqini sifatida gavdalantirilgan. Yovuzlik Voland bo’lsa, ezgulik Iousha. Pontiy Pilat esa arosatda qolgan xalq. Asar so’ngida Usta hamda Margaritaning taqdirini Iousha belgilab beradi. Ular Voland bilan birgalikda cheksizlikka ravona bo’ladilar.  Go’zal bir vodiyda Pontiy Pilatni arosatda o’tirganini ko’radilar. Margarita uni ozod qilsa bo’lmaydimi deb Volandga yuzlanadi. Voland esa uni faqatgina Usta ozod qila olishini aytadi. Usta Pontiy Pilatni ozod etadi.

Darhaqiqat, asar so’ngi butun voqelik tizgini sachratib yuborgan ozodlik hissi bilan yakun topadi. Aristoteldan tortib to hozirgi davrga qadar, arosatda qolgan xalqni Voland singari hukumat tasiridan faqatgina ziyolilar ozod qila olganlar.

Asardan iqtiboslar:

Ha, inson o‘ladi, ammo bu muammoning yarmi xolos. Yomon xabar shundaki, u ba’zan to‘satdan o‘lib qoladi, mana gap nimada!

Sevgan inson sevgan kishisining taqdirini bo‘lishishi kerak.

G‘isht sababsiz hech qachon hech kimning boshiga tushib ketmaydi.

Dunyoda yovuz odamlar yo‘q, faqat baxtsiz odamlar bor.

Qo‘lyozmalar yonmaydi.

Hech qachon begonalar bilan gaplashmang.

Meni kechir va tezroq unutib yuborishga harakat qil. Men seni mangu tark etmoqdaman. Qidirma meni, bundan foyda yo'q. Men boshimga tushgan g'am va musibatlardan jodugarga aylandim. Men ketyapman. Alvido. Margarita.

Lekin endi bizni sodir bo‘lgan shu fakt emas, kelgusida bo‘ladigan voqealar qiziqtiradi.

Har kimning qismati o‘z e’tiqodiga qarab belgilanadi.

Asarni yuklab olish uchun quyidagi havolaga bosing. Maroqli karantin tilayman. 
http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=730

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz