Fridrix Shiller

image
3
Kitoblari soni
0
Baholar soni
0
Taqrizlar soni
4.5
Reyting
Janrlari:
drama tragediya

Iogann Kristof Fridrix Shiller (1759. 10. 11, Nekkar boʻyidagi Marbax – 1805. 9. 5, Veymar) – nemis shoiri, dramaturg, tarixchi, sanʼat nazariyotchisi. Nemis mumtoz adabiyotining asoschilaridan. Lyudvigsburgdagi lotin maktabini tugatgach (1772), harbiy maktab (akademiya)ning huquq va tibbiyot boʻlimlarida oʻqigan. Akademiyadagi maslakdosh doʻstlari bilan birga “muxolif poetik klub” tuzgan. Shillerning oʻzaro insoniy munosabatlardagi nafrat va gʻarazgoʻylikni tasvirlovchi “Qaroqchilar” (1781) singari dastlabki asarlari shu klubda muhokama etilgan. Mazkur tragediyada uslubiy har xillik (shekspirona tragizm, barokko sanʼatiga xos istioraviylik, Russo asarlariga xos notiqlik) ga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa-da, u nemis dramaturgiyasida siyosiy yoʻnalishga ega boʻlgan yangi lirik drama janrini boshlab bergan. Shiller tibbiy akademiyani tugatgach (1780), Shtutgartga polk feldsheri etib yuborilgan. Ammo “Qaroqchilar”ning Mangeym shahrida namoyish etilishiga ruxsatsiz ketgani uchun hibsga olingan va unga ijod bilan shugʻullanish man etilgan. Shiller 1782-yil gersog taʼqibidan qochib ketib, “Luiza Miller” (“Makr va muhabbat”ning dastlabki nusxasi) dramasini tugatgan. 1783-yil Mangeymga borib, shahar teatrida dramaturg lavozimini egallagan, dastlabki pyesalarini shu teatr uchun qayta ishlab bergan va “Reyn Taliyasi” jurnalini nashr etgan. Ammo moddiy barqarorlikka erishish niyatida dastlab Leyptsigga, keyin Drezdenga koʻchib oʻtgan. U shu davrda tarixiy oʻtmish mavzui bilan qiziqib, “Fiyeskaning Genuyadagi fitnasi” (1783), “Don Karlos” (1783–87) dramalarini, vatanparvarlik gʻoyalari kuylangan sheʼrlari (“Shodlik uchun”, “Uzlat”, “Engilmas armada” va boshqalar)ni, “Ruhnazar” (1786) romanini yozgan, “Ajoyib isyonlar va fitnalar tarixi” turkumida kitoblar yaratishga kirishgan (1j., 1787), “Birlashgan Niderlandlarning ispan hukmdorligidan chiqish tarixi” ustida ish olib borgan. 1787-yil Veymarga koʻchib borishi hamda Gyote bilan yaqin aloqada boʻlishi Shiller ijodi va dunyoqarashida yangi davrning boshlanishiga sabab boʻlgan. U 1789-yilda Gyote yordami bilan Yen universitetida tarix professori lavozimini egallab, “Jahon tarixi nima va u qanday maqsadda oʻrganiladi?” degan mavzuda maʼruzalar oʻqigan. I. Kant asarlari taʼsirida “Sanʼatdagi fojiaviylik toʻgʻrisida” (1792), “Nafosat va qadr-qimmat toʻgʻrisida”, “Tantanavorlik toʻgʻrisida” (1793), “Insonni estetik tarbiyalash toʻgʻrisida xatlar” (1795), “Sodda va sentimental sheʼriyat toʻgʻrisida” (1796) singari ilmiy ishlar yaratgan. Shillerning talqiniga koʻra, estetik tarbiya kishilar oʻrtasida insoniy munosabatlarning barqarorlashishi, ularda insonparvarlik fazilatlarining shakllanishiga xizmat qilishi zarur. Uning 80–90-yillar lirikasida xuddi shu yoʻnalishdagi his-tuygʻu va kechinmalar ifodalangan. Erkin dunyoni barpo etish orzuideali bilan real voqelik oʻrtasidagi ziddiyat Shiller ijodidagi yetakchi kolliziyani tashkil etadi. Mazkur kolliziya Shillerning nafaqat tragediyalari, ayni paytda sheʼriy asarlarining ham zamirida yotadi. Shillerning tragediya janridagi eng yaxshi asarlaridan biri “Mariya Styuard” boʻlib, uning syujeti 16-asrdagi Angliya hayotidan olingan. Shiller bu ruhiy-falsafiy tragediyasida yunon tragediyasiga xos kompozitsiyadan foydalangan. Janna dʼArk jasoratiga bagʻishlangan “Orlean qizi” (1801), antik tragediya anʼanalarini rivojlantirish maqsadida yozilgan “Messian kelini” (1803) tragediyalari, shuningdek, milliy ozodlik gʻoyasi bilan yoʻgʻrilgan “Vilgelm Tell” (1804) xalq dramasi ham Shiller ijodida muhim oʻrinni egallaydi. Shillerning “Qaroqchilar” (1921, 1955, 1975), “Makr va muhabbat” (1921, 1936, 1951, 1959) va “Mariya Styuart” (1976) tragediyalari hozirgi Oʻzbek milliy teatri sahnasida qoʻyilgan.

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz