Kamoliddin

Taqrizlar

“Qirq sakkizinchi yilda bir adabiyotshunos olim qoʻlga olingan edi. Qizzigʻarning ikki kitobi chiqibdi-yu, oʻrtoq Stalin haqida bir ogʻiz soʻz yoʻq. Nuqul Navoiy... Nuqul Bobur...”

Mashhur adib Oʻtkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” romani oʻtgan asrdagi qatagʻon voqealari, sovet-afgʻon urushining achchiq manzaralari, qurbon boʻlgan oʻzbek oʻgʻlonlari, “Oʻzbek ishi” kabi alamli tarixni hikoya qiladi.

Muallif voqealar zanjirini bir biriga taʼsirli ravishda bogʻlab boradi. Xususan, roman Rustamning kundaliklari, tergov hujjatlari va muallif hikoyalari asosida shakllantiriladi. Voqealar kuz tasviri bilan boshlanadi va oxirida ham ayni shu tasvir bilan tugaydi. “Kuz oʻlim toʻshagida yotgan bemorga oʻxshaydi...”. Bu jumlalar orqali muallif romandagi voqealar, uning qahramonlari taqdiriga ishora qiladi.

Asar markazida Rustam, Komissar, Qurbonoy xola, Shahnoza kabi bosh qahramonlar turadi. Voqeliklar, asosan, Rustam va Komissar atrofida aylanadi. Oʻquvchi asar davomida bosh qahramon Rustamga achinish hissi bilan bir qatorda, Soat Gʻaniyevich (Komissar)ga nisbatan oʻzgacha nafratga toʻladi.

Rustam sovet-afgʻon urushi ishtirokchisi, uning qonli voqealari tirik guvohi hisoblanadi. U umrining to soʻnggi kuniga qadar oʻzi guvoh boʻlgan qonli xotiralaridan qutula olmaydi. Urushdan soʻng sevgan qizi Shahnozaga uylangan boʻlsa ham, ular baxtli boʻla olishmadi. Bu baxtsizliklarning asosiy sababi urushda orttirilgan ruhiy va biologik jarohat taʼsiri edi. Vatanga qaytganidan keyingi adolatsizliklar, nohaqliklarga guvoh boʻlishi, oilasining baxtsizligiga aybdorlik hissi Rustamning fojiali oʻlimi bilan yakunlanadi.

Komissar bolaligidan dinga, oʻz millatiga nafrat bilan tarbiyalangan, sovuqqonligi, mansabparastligi va oʻz manfaati uchun eng jirkanch ishlarga ham tayyor boʻlgan personaj hisoblanadi. Bir nechta ordenlar, qahramonliklar bilan taqdirlangan bu manqurt koʻplab insonlarning nohaq jazolanishiga, millatimiz vakillarining qatagʻon boʻlishiga, bevaqt hayotdan koʻz yumishiga sabab boʻladi. U oʻtgan umridan afsuslanmaydigan, dunyoqarashini oʻzgartirmagan shaxs sifatida tasvirlangan. Komissarni 70 yillik zulm saltanatining timsoli, deyish mumkin.

Romanning “Tushda kechgan umrlar” deb nomlanishiga ikki xil qarash shakllangan:

  1. Birinchisiga koʻra — asar qahramonlarining shodon hayoti, orzularga toʻla kelajagi, baxtli hayot haqidagi umidlari tushdek sarobga aylanganligi;
  2. Keyingi fikrga koʻra esa — qahramonlarga har bir muhim voqealar, oʻzlarini kutib turgan taqdir tushlarida namoyon boʻlishi sababli.

Asar haqida Oʻzbekiston qahramoni Said Ahmad shunday deb yozgan: 

“Romanni loqayd hayajonsiz oʻqib boʻlmaydi, u kitobxonni larzaga soladi. Xalq boshiga kulfatdan boshqani solmagan qonli urushni boshlagan telba urushqoqlarga dil-dilidan qargʻish yogʻdiradi”.

Romandan iqtiboslar:

  • Qirq sakkizinchi yilda bir adabiyotshunos olim qoʻlga olingan edi. Qizzigʻarning ikki kitobi chiqibdi-yu, oʻrtoq Stalin haqida bir ogʻiz soʻz yoʻq. Nuqul Navoiy... Nuqul Bobur...
  • Oldinga yursang fashist otadi, orqaga chekinsang oʻzimiznikilar.
  • Yillar oʻtib odamning qiyofasi, gavdasi, hatto gapirish ohangi ham oʻzgarib ketishi mumkin. Faqat koʻzi oʻzgarmaydi.
  • Oʻylab qarasam, urush teskari haqiqat degani. Odam boʻlging kelsa shafqatsiz boʻl. Oʻlging kelmasa — oʻldir.
  • Hamma onalar bir-birlariga oʻxshaydi shekilli.
  • Dialektika qonunlari qiziq ekan. Bugun yoʻqotasan, ertaga topasan.
  • Tun — yolgʻizlarni jazolash uchun yuborilgan jazo elchisi.
25-oktabr, 2023

“Bu dunyoda faqat bolalargina aslida nima izlab yurganini bilishadi”

Antuan de Sent-Ekzyuperi qalamiga mansub “Kichkina Shahzoda” asari nafaqat kichik kitobxon, balki katta avlod vakillarining ham tushunchalarini oʻzgartirib yuborishi aniq. Kitob bolalar uchun yozilganiga qaramay, voqealar katta inson tabiatiga yaqin va unga taʼsir oʻtkaza oladi. Qissa yolgʻizlik, doʻstlik, sevgi va ayriliq mavzulariga bagʻishlangan.

“Kattalar judayam gʻalati xalq”

Syujet uchuvchining Sahroi Kabirga favqulodda qoʻnishi, bu yerda sirli bolani uchratib qolishidan boshlanadi. Boshqa sayyoradan kelgan Kichkina Shahzoda bir nechta yulduzlar aro sayohat qiladi. Yergacha boʻlgan safarlari davomida fuqarosiz Qirolni, maqtovga oʻch shuhratparastni, mayga berilgan piyonistani, ishga koʻmilib yotgan korchalonni, ahdiga sodiq charogʻbonni, tor fikrli “olim”ni (geograf) uchratadi. Insonlardagi hukmronlik, ichkilikka berilish, maqtov va qarsakbozlikka nafrat bilan qaraydi. Kattalar aslida oʻzlari nima xohlayotganliklarini bilmasliklari, dunyoga bolalarcha nigoh orqali qarashlari keraklini tushuntirishga harakat qiladi.

Oʻzining moʻjazgina sayyorasi, undagi yolgʻiz muhabbati boʻlgan feruza gulini sogʻinib, unga oʻxshashini qidiradi.  

Asar bolalar uchun qiziqarli kitob boʻlishi aniq. Lekin uni oʻqish — bolalarcha orzu qilishni toʻxtatgan, dunyoga bolalarcha begʻuborlik bilan qaray olmaydigan biz kattalar uchun ham manfaatli boʻladi.

Asardan iqtiboslar

  • Avvaliga barcha kattalar bola edi, koʻpchiligi buni eslay olmaydi;
  • Oʻzingizni toʻgʻri sud qila olsangiz (baholay olsangiz), unda haqiqatan donosiz;
  • Kattalar raqamlarni yaxshi koʻradi. Yangi doʻstingiz borligini aytsangiz, ular hech qachon eng muhim narsani soʻramaydi. Hech qachon “Ovozi qanday? Qanday oʻyinlarni oʻynashni yaxshi koʻradi? Kapalak tutadimi?” deb soʻrashmaydi. Ular “U necha yoshda? Nechta aka-ukasi bor? Vazni qancha? Otasi qancha pul topadi?” deb soʻraydi. Shundan keyin ular bu odamni bilamiz deb oʻylaydi;
  • Odamlar bir haqiqatni unutdi, – dedi Tulki, – ammo hech qachon yodingdan chiqarma: kimniki qoʻlga oʻrgatgan boʻlsang, uning taqdiriga hamisha javobgarsan.
  • Odamlar orasida ham oʻzingni yolgʻiz sezaverasan.
  • Hozir odamlarni biror narsani bilishga vaqti qolmagan.

 

19-oktabr, 2023

“Barcha ikki oyoqli — dushman”

Biror bir asarni oʻqishdan oldin uning nomidan yoki qahramonlaridan voqealar rivojini taxminiy gavdalantirib koʻrishga harakat qilaman. “Molxona”ni oʻqishdan oldingi tasavvurim esa butkul boshqacha edi. Asar ezilgan, qiynalgan hayvonot olamini erk va ozodlik niqobi ostida boshqa bir iskanjaga — qullikka tushib qolishi, adolatsiz hukmronlik va xoʻrlik hayotini ochib beradi. 

Asar Sobiq ittifoqdagi voqealar va shoʻrolar ilgari surgan gʻoyalarga bagʻishlangan, deb faraz qilinadi. Voqealar mister Jons fermasidagi keksa choʻchqaning tunda hammani yigʻib qilgan xitobidan boshlanadi. U hayvonlar insonlarning manfaatiga xizmat qilayotgani, ular toʻyadigan darajadan koʻp boʻlmagan yemish evaziga qattiq ishlab kelayotganini qayd etadi. Insonlar hayvonlarning qullik va qashshoqlikda yashashlarining bosh sababchisi sifatida koʻrsatiladi. 

“Hayvonizm” deb nomlangan taʼlimot-gʻoya barchaga singdirilib, “Angliya hayvonlar” madhiyasi tillardan va dillardan joy oldiriladi. Mister Jonsga qarshi chiqib, uning zulmidan qutilgan hayvonot olami endilikda oʻz “Hayvonobod”ini tashkil etadilar. Barcha hayvonlarni boshqarish va ish tashkil etish choʻchqalar tomonidan nazorat qilina boshlaydi. 

Inson zulmidan holi, erkin “jamiyat” qurish istagidagi hayvonlar yetti arkonni qatʼiy qonun sifatida eʼlon qiladilar. 

“Ikki oyoqda yuradigan har kim dushman. Barcha toʻrt oyoqlilar yoki qanotli mavjudotlar doʻstdir”.

Bora-bora qarorlar choʻchqalarning foydasiga oʻzgartirilib borilsa-da, avvalgi zamonga — Jonsning zulmiga qaraganda hozir hammasi yaxshi ekanligiga ishontirilardi. Choʻchqalar oʻrtasidagi nizolar Napaleonning istiqbolga kelishi, oʻzining maslakdoshi Snoubolning muxolif deb eʼlon qilib, uni yomonotliq qilinishi, kelajakdagi barcha falokatlarga uni sababchi sifatida koʻrsatib borishi bilan davom etadi. 

Vaziyat tobora yomonlashib borar, barcha hayvonlarning turmush va mehnat sharoiti ogʻirlashib borardi. Hamma tegirmon qurish uchun safarbar qilinar, barcha birdek mehnat qilgan paytda oliy tabaqa hisoblangan choʻchqalar kayf-u safoda umr oʻtkizishardi. Asosiy propaganda vositasi boʻlgan Qichqiroq ismli choʻchqa “Hayvonobod”ni boshqarish oʻziga yarasha masʼuliyatli jarayonligi, shu sababli barcha oliy neʼmatlar choʻchqalar tomonidan tasarruf etilishi adolatdan ekanligiga barchani ishontirardi. 

Hayvonlar Napaleonni dohiy darajasiga chiqarishib, alaloqibat uning zulmi va hukmi oldida ojiz qolishadi. Ularga esa avvalgi zamonalar — Jons davri yomon va qonli sifatida eslatilib, bugungi kunga shukr keltirgan holda yashash lozimligi uqtirilardi. Bora-bora asosiy qoidalar — yetti arkon choʻchqalarning manfaati yoʻlida oʻzgartib borilardi. Mutlaq hukmronlik oʻrnatgan Napaleon esa oʻz koʻppaklari yordamida hayvonlarga qoʻrquv bagʻishlab turadi.

Bir nechta hayvonlar urushlar, toʻqnashuvlar va qatagʻon qurboniga aylanishadi. Boksyor laqabli ot esa soʻnggi kuchi qolguniga qadar tinmay mehnat qiladi va umrining oxirida yetti arkonga zid ravishda qassobxonaga topshirib yuboriladi. 

Quturib ketgan choʻchqalar odamlar qiladigan ishlar bilan mashgʻul boʻla boshlashadi. Hatto qoʻshni fermalar bilan savdo-sotiq munosabatlarini oʻrnatib, insoniy aloqalarga kirishishadi. 

Asar yakunida qoʻshni xoʻjaliklardan odamlar “Hayvonobod”ni koʻrgani kelishadi. Bu yerda boshqarish, hukm oʻtkazish boʻyicha zamonaviy andazalarni oʻzlashtirishganini aytishib, Napaleon nomiga qadahlar koʻtarishadi. Lekin orada nizo koʻtarilib, bir dasturxon ustida ichib oʻtirgan choʻchqa va odamlar yoqalashib ketishadi. Buni kuzatib turgan hayvonlar kim odam-u kim choʻchqa ekanini ajrata olmay qoladilar.

Asar davomidagi eʼtiborimni tortgan qahramon — keksa eshak Benjamin boʻlib, u Jonsga qarshi qoʻzgʻolonda ham, keyingi urushlar davomida ham hursand boʻlib, puch gʻoyalarga aldanib qolmadi. Jonsning zamoni va bu davrlar taqqoslanganda, bularning bari yaxshi ham emas, yomon ham emas, degan falsafiy ruhda oʻz ishida davom etgan. 

Logo Logo © 2024 Mutolaa.uz